«Interaktiv amaliyot» bo‘limida fan va texnika olamiga qiziqarli sayohat qilishingiz, matematika, fizika, astronomiyaga oid bilimlaringizni mustahkamlashingiz mumkin. Bu yerda siz nafaqat muzeylardagi kabi eksponatlarni ko‘rishingiz, balki ularni ushlab, qimirlatib, yig‘ib ko‘rishingiz mumkin. Chunki odatdagidan boshqacha bo‘lgan ushbu muzeydagi har bir eksponat o‘zida fizikaning u yoki bu qonunini namoyish etuvchi qurilmani mujassam etadi. Abadiy dvigatel nima o‘zi? Arximed richagi-chi? Nyuton mayatnigi nima? Samolyot nima uchun uchadi? Misr ehromlari qanday qurilgan? Bularning bari – energiyaning saqlanish qonuni, Bernulli tenglamasi, chig‘irli mexanizmning ishlash prinsipi va yana boshqa narsalar haqida bizning muzeyimizda bilib olasiz.
Illyuziya xonasi bo‘limning eng qiziqarli burchagi sanaladi, bu yerda siz o‘zingizni ulkan yoki mitti odamday his qilishingiz mumkin. Oynali labirint bo`limida esa siz xuddi cheksiz oynalar joylashgan labirintga tushib qolganday his qilasiz.
Bundan tashqari muzeyga tashrif buyurubchilar uchun “Interaktiv praktikum” bo`limida “Planetariya”, “Nikola Tesla g`altagi”, “Raqsga tushuvchi robotlar” shoularini ko`rishlari mumkin.
Bolalar uchun esa qiziqarli bo`lgan bolalar maydonchasi xam tashrif buyuruvchilar uchun faoliyat olib bormoqda. Bu yerda bolalar futbol, basketbol o`ynashlari, koptokli basseynga atraksion orqali tushishlari, lego zonasida esa lego konstruktorlaridan xoxlagan narsalarini yasashlari va turli maxorat darslarida ishtirok etishlari mumkin.
Bundan tashqari, muzeyning yillik rejasi asosida xar yili ana’naviy tarzda “Yosh ixtirochilar kuni”, “Robotlar kuni”, “Navruz-Dilda bahor”, “Amir Temur tavalludi munosabati bilan - Shox va Mot” shaxmat turniri, “Fazogirlar kuni”, “Radio kuni”, “Xalqaro muzeylar kuni”, “Bolalarni ximoya qilish kuni”, “O‘zbekistonda birinchi tijorat avtomobili chiqqan kun”, “Mustaqillik bayrami”, “Abu Rayhon Beruniy tavallud kuni”, “Toshkent politexnika muzeyi tashkil topgan kun” ta’dbirlarini o‘tqazib kelmoqda. Ushbu tadbirlarda mavzuga mos ravishda robototexnika, aviamodellashtirish, raketamodellashtirish, kulolchilik san’ati, lenogravyura yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tqazilib kelinmoqda.